Vera Pak


09:09 / 16.09.2021 1507 0

 

1938-yil 13-noyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida tug‘ilgan.

1961-yilda Nukus pedagogika institutini bitirgan.

1985-yildan umrining oxiriga qadar Xivadagi 20-“Mehribonlik uyi”ga rahbarlik qilgan.

1992-yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”.

2001-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2005 – 2009-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi bo‘lgan.

2018-yilda vafot etgan.

 

Vera Borisovna Pak institutni bitirgan yili turmush o‘rtog‘i Vladimir Yakovlevich Pak bilan Xiva shahri­dagi 3-maktabda kimyo va biologiya fanlaridan dars bera boshladi. Direktorning sinfdan tashqari ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlaganida, jamoatchilik tadbirlarida ham faolligi yaqqol ko‘ringach, unga Xiva shahar xalq maorifi bo‘limi mehnat ta’limi yo‘riqchisi vazifasi ham topshirildi. Bilimini chuqurlashtirib, ustozlardan o‘rganib tajriba oshirgan Vera Borisovna ta’lim-tarbiyaviy va jamo­at ishlarini uyg‘un olib borardi.

Vera Borisovna Pak 1985-yilda Xivadagi 20-“Mehribon­lik uyi”ga rahbar etib tayinlangach, ishni jamoaga fidoyi, bolalarni haqiqatan yaxshi ko‘radigan pedagoglarni yig‘ishdan boshladi.

Ota-ona bag‘ri, mehriga tashna, ko‘zlarida bolalik quvonchi bo‘lmagan bolalar bilan ishlash juda qiyin. Shunday muhit paydo qilish kerak ediki, bu katta oilada bolalar kulgisi eshitilsin. Vera Borisovna o‘ylab-o‘ylab: “Bu dargohdagi bola­larning kiyimidan tortib o‘qishi, hayotigacha barcha tengdoshlaridan imkon qadar farq qilmasligi kerak”, degan fikrga keldi. Muassasadagi o‘g‘il-qizlar bilan ona bo‘lib dillashdi, ularning hammasiga bir qolipdan chiqqan emas, balki har bi­rining didiga qarab poyabzal, kiyim-kechak sotib olinadigan bo‘ldi. Direktor ish vaqti tugaganda ham uyiga shoshilmas, al­lamahalgacha bolalar bilan suhbatlashardi, yonlarida bo‘lardi. Oqibatda, tarbiyalanuvchilar xohlagan vaqtida Vera onaning oldiga kirib, dildagi gaplarini aytadigan bo‘lishdi. O‘z-o‘zini boshqarish organi, sardorlar kengashi, tarbiyalanuvchilar ken­gashi – bunday jamoatchilik guruhlari ishiga jalb etilgan bo­lalarda bir-birlariga yordam berish, mustaqil fikr yuritish, o‘z huquqlarini himoya qilish xohish-malakalari shakllandi.

Vera Borisovna milliy urf-odatlarni “Mehribonlik uyi” hayotiga tatbiq etish bilan bolalarda qadriyatlarga mehr uy­g‘otdi, katta oila a’zolarining hamjihatligini kuchaytirdi. Navro‘z ayyomi arafasida to‘kin dasturxon yozib o‘tkazilgan sun­nat to‘ylariga vohaning mehridaryo, saxovatli insonlari meh­mon bo‘lib, bolalarga sovg‘alar ulashdilar.

Har yilning 13-noyabr kuni Vera Borisovnaning xonasi gullarga to‘lardi. Voyaga yetib, bu dargohdan ketgan o‘g‘il-qizlar­larning muammolarini ham ko‘pincha onaxonning o‘zi yechardi. Ularning uy-joy bilan ta’minlanishi, kasb tanlashi, o‘rta va oliy o‘quv dargohlarini bitirgandan so‘ng ish bilan ta’min­lanishi, yangi joyga moslashishi, umuman, ularning ijtimoiy integratsiyasi masalalari bo‘yicha Vera Borisovna rahbarli­gidagi mutaxassislar tajribalari xalqaro forumlarda ham ommalashtirilgan.

O‘z qadriyatlari va an’analariga ega bu jamoa va uning va­killari “Eng yaxshi Mehribonlik uyi”, “Eng yaxshi Mehribonlik uyi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovlari va ularning “Eng mehmon­do‘st Mehribonlik uyi”, “Eng yaxshi ta’lim-tarbiya dasturini ishlab chiqqan Mehribonlik uyi” kabi yo‘nalishlarida respublika bosqichi g‘olibi, sovrindorlari bo‘lishgan. Albatta, bu yutuqlar O‘zbekiston Qahramoni Vera Pak, uning ham­kasblari fidoyi mehnatlari samarasidir.

O‘zbek xalqi va uning urf-odatlari, qadriyatlariga hurmati, mehri cheksiz bu ajoyib insonni yaqindan bilganlar: “Vera Bo­risovna – tinib tinchimagan, qalbi, yuragi, butun vujudi mehr bilan yo‘g‘rilgan, yelka­lari mas’uliyat, burch, mashaqqat yuklarini dadil ko‘targan va shu tufayli ko‘p yutuqlar­ga erishgan rahbar Ona. Qanchadan-qancha ezgu, savob ishlarga bosh bo‘ldi”, – deydilar.

Vera Borisovna tarbiyalanuvchilarining “Ona!” deb chaqirishlaridan baxtiyor edi. 57 yillik pedagogik faoliyati davomida qancha­dan-qancha bolajonlarga ustoz bo‘ldi, oq yuvib, oq tarab mustaqil hayotga tayyorladi, hayotda yiqilgan, qoqilgan farzandlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi, qanchasini qo‘llab-quvvatlab oliy­gohlarda o‘qitdi, uy-joy, ish bilan ta’min­lashga yordam berdi, bilim va tajribalarini hamkasblariga, yoshlarga o‘rgatdi.

Vladimir Yakovlevich va Vera Borisovna oilada ham, mehnat jabhasida ham yonma-yon, hamdard, hamfikr edilar. Farzandlari Inessa, Valeriya, Vadim ota-onalaridek uquvli, mehnatkash bo‘lib voyaga yetdilar. Ha­lol mehnat mevalari bu xonadonga fayzu baraka keltirdi.

Vera Borisovna Pak “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”, “O‘zbekiston Qahramoni” unvonlari bilan taqdirlandi. Zero, bu muhtaram Ona: “Inson dunyoga yaxshi ish qilish, yaxshi iz qoldirish uchun keladi” degan shioriga amal qilib sa­doqat bilan ishladi, yashadi va o‘ylaymizki, qalblarda o‘zi orzulagani kabi yaxshi xoti­ralar qoldirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish