Martiya Rahmatova


16:09 / 10.09.2021 1024 0

 

1955-yil 8-martda Buxoro viloyatining Buxoro tumanidagi “Arabxona” qishlog‘ida tug‘ilgan.

Mehnat faoliyatini 1973-yilda Buxoro to‘qimachilik fabrikasida boshlagan.

1996-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni,

1999-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Olti yoshdaligimda ota-onam, opamga erga­shib, paxta dalasidan beri kelmasdim, chopiq, yagana, paxta yig‘im-terimi deysizmi, ham­ma-hamma jarayonda bajonu dil ishtirok etardim,” deb eslaydi Martiya opa o‘z bolaligini.

Martiya opaning rasmiy biografiyasida shunday bitiklar bor: “1973-yili Buxoro to‘qimachilik fabrikasida oddiy ip yigiruvchi sifatida ish boshladi, yillar mobaynida bu sohada yangiliklarga intilib mehnat qildi... Mehnatkash xodimning yana bir xususiyati shundan iborat ediki, u bir vaqtning o‘zida bir necha dastgohlarni chaqqonlik bilan boshqara oladi”.

Opaning hayoti va faoliyatida umriga zeb berib turadigan boshqa jihatlar ham borki, buni o‘zidan eshitishni afzal va maroqli.

– Birinchi ustozim opam – Rahmatova Rahimaxon edilar. Yoshligimda paxta terimida ham, voyaga yetib, to‘qimachilik kor­xonasiga ishga kirib, bugungiday obro‘-e’tibor topishimda ham opamning hissasi katta bo‘lgan. Keling, hammasini bir boshdan hikoya qilib beray, – dedi Martiya Ahmadovna ko‘n­gli yorishib. – Otam Rahmatov Ahmad o‘z zamonida ikki urush qatnashchisi, 2 yil yapon urushida, 3 yil nemis fashistlariga qarshi kurashlarda ishtirok etgan. Urushdan eson-omon qaytib kelgach, Buxoroga evakuatsiya qilingan ukrain qizi – onam Nina Stepanchuk bilan turmush qurishadi. Tarbiyamiz ham, bir-biri­mizga mehr-oqibatimiz ham o‘zbekcha. Ular bag‘ri keng insonlar edilar. Bo‘y yetib qolgan biz qizlarini Farg‘onadagi 7-kasb-hu­nar bilim yurtiga o‘qishga yubordilar.

Baxtimizga 1973-yili Buxoro to‘qimachilik fabrikasi chi­lib qoldi. O‘sha davrda mazkur korxonada 17 000 ishchi xizmat qilardi. Rahbarlarimiz Shukrulla Davirov, Rahim Fayziev, Zubaydulla Aslanov va boshqalar bizni bir jamoa, bir tanu jon etib tarbiyalashgan. Ishxonamiz ikkinchi uyimizdek edi. Zavqu shavq bilan mehnat qilardik. Shu yerda taqdirim Sadrid­din Qo‘ziev ismli yigit bilan bog‘landi. Bir korxonada xizmat qilib, baxtimizni topdik, ikki farzandimizni tarbiyaladik, bir-birimizga yelkadosh bo‘ldik. Hamkasblarimni aytmaysiz­mi, Rahimova Hadiya, Sulaymonova Farog‘at, Niyozova Manzura­lar bilan musobaqalashib ishlardik.

Bir gal korxonamizga rossiyalik to‘qimachilar kelib, ishla­rimiz bilan tanishdilar. Ko‘kragida oltin yulduz porlab turgan bir ayol yonimga kelib, maqtangisi keldi chog‘i, ko‘ksi­ga ishora qilib, chaqqongina ekansan, sidqidildan ishlasang, men kabi “geroy” bo‘lasan, dedi. O‘shanda rostakamiga havasim kelgan edi. Chin dildan mehnat qildim, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldim. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan ham mukofotlanganman. Bularning hamma­si meni yanada qizg‘in mehnat bag‘riga chor­lardi. Ishonasizmi, P76-5M markali bit­ta dastgohda 336 ta urchuq aylanardi. Men ularning uchtasini, ba’zan 4-5 tasini ham kuzatib turganman. Har bir urchuqda ayla­nayotgan ip qatimi uzilmasligi kerak. Aks holda undan to‘qiladigan mato sifatiga zarar yetadi. Mutaxassislarning hisob-ki­tobiga ko‘ra, bitta ip yigiruvchi 3 ta dast­goh atrofida bir kunlik ish vaqtida o‘rtacha 18 kilometr yo‘l bosar ekan. Ip yigiruvchi shu darajada tez va chaqqon harakat qilishi kerak. Biz tayyorlagan kalava iplarning yo‘g‘on-ingichkaligiga qarab, satin, chit kabi turli gazlamalar to‘qiladi va naqshlar bo­silib, iste’molga chiqariladi. Mahsulot­larimiz xorijiy mamlakatlarda ham xa­ridorgir edi.

Martiya opaning otasi uning faoliyati­ga hech befarq bo‘lmagan, bayram kunlari sovg‘a-salom bilan kirib borganida rosa duo qilardi. Qahramonimizning armoni shuki, ota-onalari muvaffaqiyatlarini ko‘rmay ketdilar. “Ularning oxiratlari obod bo‘lsin”.

Biz ham mehnatda chiniqqan, umr bo‘yi elu yurt farovonligi yo‘lida xizmat qilib tolmagan Martiya opaga sihat-salomatlik, uzoq yillar mehnatlari rohatini ko‘rib yurishini tilaymiz.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish