Mavluda Ismatova


10:09 / 08.09.2021 938 0

 

1943-yil 7-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

1968-yili Toshkent davlat pedagogika institutini tugallagan. Shu yildan Toshkent tumanidagi 26-maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi,

1983-yildan 273-maktab direktori bo‘lgan.

1995-yilda “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoni,

1999-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2018-yilda vafot etgan.

 

Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab, kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchi va murabbiylikdir. Zotan, bir murg‘ak go‘dakning inson bo‘lib kamol to­pishi, shaxs bo‘lib shakllanishida bu fidoyi kasb sohiblarining hissasi ulug‘.

Mavluda Ismatova muallimlik kasbini umr mazmuni deb bildi, Hayotining so‘ngigacha kasbi va jonajon maktabiga sodiq qoldi. Umr yo‘llari esa barchaga ibrat bo‘lgudek.

M. Ismatova o‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent dav­lat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti)ning tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi.

Mehnat faoliyatini boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifati­da boshladi. Ayni shu dargohda u muallimlik kasbining ba­land-pastini o‘rgandi, toblandi, tajriba orttirdi, 1975 – 1979-yillarda ushbu ta’lim maskanida rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lib ishladi, bolalarni qardosh til boyli­gi, sir-sinoatlaridan boxabar qildi, adabiyot bo‘stoniga olib kirdi. Keyinroq direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida mas’uliyat bilan ish olib bordi, maktab rivojiga, ta’lim sifati ortishiga munosib hissa qo‘shdi.

Ish jarayonida o‘zini ko‘rsatgan M. Ismatova 273-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga direktor etib tayinlandi. U vaqtlarda maktab tumandagi o‘rtamiyona bilim maskanlaridan hisobla­nar, bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinishlari darajasi ham past edi. Yangi direktor maktabda ta’lim sifatini yaxshilash, samaradorlikni oshirish yo‘lida ko‘p izlandi, muammolar yechimini topishga harakat qildi. Bu orada mamlakatimiz mustaqillikka erishdi. Boshqa sohalar qatori ta’lim tizimida ham islohotlar amalga oshirila boshlandi. Ular esa tashabbuslarga yo‘l ochdi.

Mavluda Ismatova maktabda ta’lim sifatini oshirishni oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish­dan boshladi. Shahardagi nufuzli universitet va institut­lar bilan o‘zaro hamkorlik qilish haqida shartnomalar im­zolandi. Shartnomalarga ko‘ra, oliy o‘quv yurtlari maktabda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha sinflar tashkil qildilar, ularning professor-o‘qituvchilari bu sinflarda dars bera boshladilar. Loyiha ish berdi, bolalarda o‘qishga qiziqish va bilim dara­jasi ortdi. Respublika va shahar miqyosidagi turli fan olim­piadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kirita boshladilar. Bitiruvchilar orasida oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan­lar soni keskin oshdi.

– Bu respublika miqyosida yangilik bo‘ldi. Hali hech bir mak­tabda ayni tajribaga qo‘l urilmagandi. To‘g‘ri, ixtisoslashgan maktablar kam emasdi, lekin ular davlat tomonidan tashkil etilgandi. Mavluda opa esa shaxsiy tashabbus va yelib-yugurish bilan bu ishni amalga oshirdilar. Natija esa barchani hayrat­ga soldi, maktabning obro‘si oshib ketdi. Endi boshqa tumanlar­dan ham ota-onalar farzandlarini shu maktabda o‘qitish orzusi bilan murojaat qiladigan bo‘lishdi. Keyinroq bu tashabbus boshqa maktablarga ham qanot yozdi, – deb xotirlaydi shu tuman­dagi 274-maktab muallimasi, Respublika xalq ta’limi a’lochisi Mahmuda Valieva.

M. Ismatova 50 yildan ziyod faoliyati davomida o‘zini mohir o‘qituvchi, yoshlarning sevimli ustozi, o‘quv-tarbiya jarayonlarini ilmiy asosda tashkil etish, ta’limni hayot va amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo­rasida katta salohiyatga ega bo‘lgan bilim­don mutaxassis sifatida namoyon etdi. Ana shunday fazilatlari bilan mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida keng ko‘lamli islohotlarni amal­ga oshirishga, yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiya­lashga munosib hissa qo‘shdi.

– Biz muallimlar oldiga barkamol, har tomonlama yetuk, Vatanimizga tirgak bo‘luv­chi yoshlarni tarbiyalashdek ulkan vazifa qo‘yilgan. Bu yo‘lda kuch-quvvatimni ayamay­man, – degan edi Mavluda Ismatova bir suh­batda.

U bu so‘zlarini mehnat va izlanishla­ri bilan amalda isbotlab yashadi. Fidoyi pedagog rahbarlik qilgan dargoh bir necha bor “Yilning eng yaxshi maktabi” sifatida e’tirof etildi, uning pedagogik tajriba­si mamlakatimiz miqyosida keng o‘rganilib ommalashtirildi. Ustoz barcha tajribala­rini yosh mutaxassislarga o‘rgatdi, ko‘plab shogirdlar yetishtirdi. Hayoti, insoniy fa­zilatlari, ko‘z nuri va qalb qo‘ri, butun bor­lig‘ini ta’lim tizimiga baxshida qildi. Ta’lim sohasida o‘z maktabini yaratdi.

Boy bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘l­gan M. Ismatova jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, el-yurt o‘rtasida katta ob­ro‘-e’tibor qozongan edi.

Uning ma’rifatga yo‘naltirilgan yarim asrlik samarali faoliyati davlatimiz to­monidan munosib taqdirlandi.

– Men shunchalik hayajonga tushdimki, hali-hanuz o‘zimga kelolgan emasman. Chunki men kabi oddiy o‘zbek ayoli, oddiy mualli­maning mehnati shunday yuksak mukofot – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga munosib topildi. Men shu paytgacha o‘zimni baxtli ona, deb hisoblab kelardim. Endi esa men tom ma’noda baxtli ayolman, – deb o‘z quvon­chini baham ko‘rgandi Mavluda Ismatova.

O‘z sohasining fidoyisi Mavluda Isma­tova 75 yoshida vafot etdi. Umr yo‘llarini ilm ziyosi nurafshon etgan qanchadan qancha yurtdoshlarimiz orasida shunday insonlar borki, ularning qalbida ustoz Mavluda opa siymosi o‘chmas, fazilatlari ibrat bo‘lib qolgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish