Ibn Sino


14:08 / 24.08.2021 2553 0

 

Ibn Sino (Abu Ali al-Husayn ibn Abdulloh ibn al-Hasan ibn Ali) 980-yil Buxoro yaqinidagi Afshona qishlogʻida tugʻilgan. Jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan oʻrta osiyolik buyuk qomusiy olim gʻarbda Avitsenna nomi bilan mashhur. Ibn Sinoning otasi Abdulloh Balx shahridan boʻlib, Somoniylar amiri Nuh ibn Mansur (967–997) davrida Buxoro tomoniga koʻchib, Hurmaysan qishlogʻiga moliya amaldori etib tayinlanadi.

Ibn Sinoning ilm sohasidagi dastlabki ustozi Abu Abdulloh Notiliy edi. U el orasida hakim va faylasuf sifatida mashhur boʻlgani uchun otasi Ibn Sinoni unga shogirdlikka berdi. Notiliyning qoʻlida olim mantiq, handasa va falakiyotni oʻrgandi va baʼzi falsafiy masalalarda ustozidan ham oʻzib ketdi. Ibn Sinoning aql-zakovatini koʻrgan ustozi otasiga uni ilmdan boshqa narsa bilan shugʻullantirmaslikni tayinlaydi. Shundan soʻng ota oʻgʻilga ilm oʻrganish va bilimlarini chuqurlashtirish uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Abu Ali tinmay mutolaa qilib, turli ilm sohalarini oʻzlashtirishga kirishdi. U musiqa, optika, kimyo, fiqh kabi fanlarni oʻqidi, xususan, tabobatni sevib oʻrgandi va bu ilmda tez kamol topa boshladi. Ibn Sinoning tib ilmida yuksak mahoratga erishishida buxorolik boshqa bir tabib Abu Mansur al-Hasan ibn Nuh al-Qumriyning xizmati katta boʻldi. Ibn Sino undan tabobat darsini olib, bu ilmning koʻp sirlarini oʻrgangan. Qumriy bu davrda ancha keksayib qolgan boʻlib, 999-yilda vafot etdi.

Ibn Sino 17 yoshdayoq, Buxoro xalqi orasida mohir tabib sifatida tanildi. Oʻsha kezlarda hukmdor Nuh ibn Mansur betob boʻlib, saroy tabiblari uni davolashdan ojiz edilar. Dovrugʻi butun shaharga yoyilgan yosh tabibni amirni davolash uchun saroyga taklif qiladilar. Uning muolajasidan bemor tezda sogʻayib, oyoqqa turadi. Evaziga Ibn Sino saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Somoniylarning kutubxonasi oʻsha davrda butun Oʻrta va Yaqin Sharqdagi eng katta va boy kutubxonalardan sanalardi. Ibn Sino bir necha yil davomida shu kutubxonada kecha-yu kunduz mutolaa bilan mashgʻul boʻlib, oʻz davrining eng oʻqimishli, bilim doirasi keng kishilaridan biriga aylandi va shu paytdan boshlab oʻrta asr falsafasini mustaqil oʻrganishga kirishdi. U yunon mualliflarining, xususan, Aristotelning “Metafizika” asarini berilib mutolaa qildi. Lekin bu kitobda bayon qilinganlarning aksariyati Ibn Sinoga tushunarsiz edi. Tasodifan yosh olimning qoʻliga Abu Nasr Forobiyning “Metafizika”ning maqsadlari haqidagi kitobi tushib qoladi va uni oʻqib chiqibgina Ibn Sino metafizikani oʻzlashtirishga muvaffaq boʻladi. Shunday qilib, Ibn Sino zaruriy bilimlarning barchasini Buxoroda oldi. Olimning ilmiy ijodi 18 yoshidan boshlandi. U Nuh ibn Mansurga atab nafsoniy quvvatlar haqida risola, “Urjuza” tibbiy sheʼriy asari, oʻz qoʻshnisi va doʻsti Abulhusayn al-Aruziyning iltimosiga binoan, koʻp fanlarni oʻz ichiga olgan “Al-hikmat al-Aruziy” (“Aruziy hikmati”) asarini taʼlif etdi. Undan tashqari, boshqa bir doʻsti faqih Abu Bakr al-Barqiy (yoki Baraqiy) ning iltimosiga koʻra, 20 jildli “Al-hosil val-mahsul” (“Yakun va natija”) qomusiy asari hamda 2 jildli “Kitob al-bir val-ism” (“Saxovat va jinoyat kitobi”)ni yozdi. Qoraxoniylar 999-yil Buxoroni zabt etib, somoniylar davlatini agʻdarganidan keyin Ibn Sino hayotida tashvishli, notinch va ogʻir damlar boshlandi. 1002-yil uning otasi vafot qildi. Ikki sulola vakillarining taxt uchun kurashi 1005-yilgacha davom etib, oxiri qoraxoniylarning butkul gʻalabasi bilan tugadi. Bunday vaziyatda Buxoroda ortiq qolib boʻlmas edi. Shu bois Ibn Sino oʻz yurtini tark etib, Xorazmga bosh olib ketdi. XI asr boshlarida Xorazm qoraxoniylar hujumidan birmuncha tinch boʻlib, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha rivojlangan oʻlka edi. Xorazmshohlar Ali ibn Maʼmun (997–1009) va Maʼmun ibn Maʼmun (1009–1017) ilm-fanga eʼtiborli hukmdorlar boʻlib, olimlarga ilmiy ijod uchun qulay sharoit yaratib bergan edilar. Shu bois bu davrda Xorazmning poytaxti Gurganj (Urganch)da zamonasining koʻpgina taniqli olimlari toʻplandi. Yirik matematik va astronom Abu Nasr ibn Iroq, atoqli tabib va faylasuflar Abu Saql Masihiy, Abu-l-Xayr Xammor (9421030) va buyuk olim Abu Rayhon Beruniy shular jumlasidan. Ana shu ilmiy davraga 1005-yil Ibn Sino ham kelib qoʻshildi. Xorazmda Ibn Sino, asosan, matematika va astronomiya bilan shugʻullandi. Bu sohalardagi bilimlarining chuqurlashib, ilmiy dunyoqarashining shakllanishida Ibn Iroq va Beruniy bilan boʻlgan ilmiy muloqotlar katta ahamiyat kasb etdi. Ibn Sinoning Aristotel taʼlimoti xususida Beruniy bilan va oʻzining shogirdi Baxmanyor bilan yozishmalari tarixda mashhurdir. Ibn Sino Abu Saxl Masihiyning tibbiy tajribasi va bilimlaridan ham katta saboq oldi. Xorazmshoh vaziri Abulhusayn as-Sahliy ilmlarni sevuvchi kishi boʻlganidan, Ibn Sino u bilan doʻstlashadi va unga atab alkimyoga oid “Risola aliksir” (“Iksir haqida risola”) nomli asar yozdi.

Ibn Sino ham ilmiy ijod bilan shugʻullandi, ham tabib sifatida faoliyat koʻrsatdi. Bu yerda u shogirdining iltimosiga koʻra, mantiq, falsafa va boshqa fanlarga oid bir nechta risola yozdi va eng muhimi “Tib qonunlari”ning dastlabki qismlarini yaratdi. 1014-yil olim Jurjonni tark etib, Rayga koʻchdi. “Tib qonunlari”ning 1-kitobini Hamadonda tugatib, oʻzining mashhur falsafiy qomusi “Kitob ash-shifo”ni ham shu yerda yozishga kirishadi. “Tib qonunlari”ning qolgan qismini ham Hamadonda yozib bitiradi. Ibn Sino Hamadonda 1023-yilgacha istiqomat qiladi va ayrim siyosiy sabablarga koʻra, shu yili Isfahonga joʻnab ketadi. Umrining qolgan 14 yilini shu yerda oʻtkazdi. Bu yerda ham u tinimsiz ilmiy ish bilan mashgʻul boʻlib, bir qancha asarlar yaratdi. Ular orasida tib, falsafa, aniq fanlar, tilshunoslik kabi fanlarga oid kitoblar bor. “Kitob ash-shifo”ning qismlari, fors tilidagi “Donishnoma” va 20 jildli “Insof-adolat kitobi” shular jumlasidan. Juzjoniyning yozishicha, Ibn Sino garchi, jismoniy juda baquvvat boʻlsa-da, biroq, shaharma-shahar darbadarlikda yurish, kecha-kunduz tinim bilmay ishlash va bir necha bor taʼqib qilinib, hatto hibsda yotishlar olimning salomatligiga jiddiy taʼsir etdi. U qulanj (kolit) kasalligiga chalindi. Alouddavlaning Hamadonga yurishi vaqtida Ibn Sino qattiq betobligiga qaramay, u bilan birga safarga chiqadi. Yoʻlda dardi qoʻzgʻab olimning tamomila madori quriydi va oqibatda u shu darddan 57 yoshida vafot etadi. Olim Hamadonda dafn etiladi. Uning qabri ustiga 1952-yil maqbara tiklangan.

Zamondoshlari Ibn Sinoni “Shayx arrais” (“donishmandlar sardori, allomalar boshligʻi”); “Sharaf al-mulk” (“oʻlka, mamlakatning obroʻsi, sharafi”), “hujjat alhaq” (“rostlikka dalil”); “Hakim al-vazir” (“donishmand, tadbirkor vazir”) deb ataganlar. Jahon fani tarixida Ibn Sino qomusiy olim sifatida tan olingan, chunki u oʻz davridagi mavjud fanlarning qariyb barchasi bilan shugʻullangan va ularga oid asarlar yozgan. Olim asarlarini oʻsha davrda Yaqin va Oʻrta Sharqning ilmiy tili boʻlgan arab tilida, baʼzilari (sheʼriy va ayrim falsafiy asarlari)ni fors tilida yozgan. Turli manbalarda uning 450 dan ortiq asar yozgani qayd etilgan, lekin bizgacha ularning 242 (160) tasi yetib kelgan. Shulardan 80 tasi falsafaga, 43 tasi tabobatga oid boʻlib, qolganlari mantiq, psixologiya, tibbiyot, astronomiya, matematika, musiqa, kimyo, axloq, adabiyot va tilshunoslikka bagʻishlangan. Lekin bu asarlarning hammasi ham olimlar tomonidan bir xilda oʻrganilgan emas. Ibn Sinoning koʻproq falsafa va tibga oid kitoblari jahonning koʻpgina tillariga tarjima etilib, asrlar davomida qayta-qayta nashr qilib kelinmoqda, lekin shu bilan bir vaqtda, boshqa koʻp asarlari hali qoʻlyozma holida oʻz tadqiqotchilarini kutyapti.

Ibn Sinoning ilmiy merosini shartli ravishda 4 qismga, yaʼni falsafiy, tabiiy, adabiy va tibbiy sohalarga boʻlish mumkin, olim shularning har birida chuqur iz qoldirgan. Lekin asarlarining miqdoriy nisbatiga nazar solsak, olimning qiziqish va eʼtibori koʻproq falsafa va tibga qaratilganini koʻramiz. Garchi uni “Avitsenna” sifatida Gʻarbda mashhur qilgan uning tibbiy merosi, xususan, “Tib qonunlari” boʻlsa-da, “Shayx ar-rais” nomi, eng avval, uning buyuk faylasufligiga ishoradir. Olimning falsafaga oid eng yirik va muhim asari “Kitob ash-shifo”dir. Olimning falsafiy qarashlari yana “Al-ishorat vattanbihot” (“Ishoralar va tanbihlar”), “Hikmat al-mashriqiyn” (“Sharqchilar falsafasi”), “Kitob al-ishorat filmantiq valhikmat” (“Mantiq va falsafaning ishoralari”), fors tilida yozilgan “Donishnoma” (“Bilim kitobi”) va boshqa turli hajmdagi falsafiy risolalarda hamda “Tayr qissasi”, “Salomon va Ibsol”, “Hay ibn Yaqzon”, “Yusuf haqida qissa” kabi falsafiy mazmunli badiiy qissalarda oʻz aksini topgan.

Ibn Sino 21 yoshida ilmiy faoliyatining boʻsagʻasida metallar transmutatsiyasiga, yaʼni oddiy metallarni oltin va kumushga kimyoviy yoʻl bilan aylantirish mumkinligiga ishongan va mutaqaddim kimyogarlarning kitoblari taʼsiri ostida “Risola as-sanʼa ilal baraqiy” (“Baraqiyga atab sanʼat (alkimyo)ga doir risola”) nomli kichik asar yozgan. Lekin 30 yoshlarga borib, ilmiy tajribasi ortgan yosh olim bu sohadagi urinishlarning zoye ketishiga amalda ishonch hosil qiladi va “Risola aliksir” (“Iksir haqida risola”) asarida kimyoviy yoʻl bilan sof oltin va kumush olish mumkinligiga shubha bildiradi. 40 yoshlarda yozishga kirishgan “Kitob ash-shifo”da esa kimyogarlarning transmutatsiya sohasidagi barcha harakatlari behuda ekanini nazariy jihatdan isbotlashga urindi. Matematika sohasida Ibn Sino Yevklidning “Negizlar” kitobini qayta ishlab, unga sharh va toʻldirishlar kiritdi, geometrik oʻlchamlarga arifmetik terminologiya qoʻlladi, “son” tushunchasi doirasini “natural son”dan ancha kengaytirdi. Sheʼriyat sohasida ham Ibn Sino sezilarli iz qoldirdi. U oʻzining ayrim tibbiy asarlari (“Urjuza”)ni rajaz vaznli sheʼrda yozgan. Bundan tashqari, uning bir nechta falsafiy qissalari ham borki, ular keyinchalik fors-tojik adabiyotiga chuqur taʼsir koʻrsatdi. Olimning fors tilida yozgan bir necha gʻazal va qitʼalari, 40 dan ortiq ruboiylari mavjud. Uning sheʼriy merosi qisman rus va oʻzbek tillarida nashr etilgan. Ibn Sino musiqa bobida Forobiyning ilmiy yoʻnalishini davom ettirgan yirik nazariyotchidir. Musiqa haqidagi “Javomeʼ ilm ul-musiqiy” (“Musiqa ilmiga oid toʻplam”) asari “Kitob ash-shifo”ning bir qismi boʻlib, har biri bir necha bobli 6 boʻlimdan iborat.

Ibn Sinoning tibga oid yozgan asarlarining 30 dan ortigʻi bizgacha yetib kelgan, ularning orasida “Qonun” kabi tibbiy ensiklopediya bilan bir qatorda tibning ayrim nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan turli hajmdagi “Urjuza fit-tib” (“Tibbiy urjuza”), “al Adviyat al qalbiya” (“Yurak dorilari”), “Dafʼ almadorr al-kulliya an-al-abdon al-insoniya” (“Inson badaniga yetishgan barcha zararlarni yoʻqotish”), “Kitob al-qulanj” (“Qulanj haqidagi kitob”), “Maqola fi-nnabz” (“Tomir urishi haqida makr-la”), “Risola fi-l-boh” (“Shahvoniy quvvat haqida risola”), “Risola fi tadbiri al-musofirin” (“Safardagilarning tadbiri haqida risola”), “Risola fi xifz as-sihha” (“Sogʻliqni saqlash haqida risola”), “Risola fi-s-sikanjubin” (“Sikanjubin haqida risola”), “Risola fi-lfasd” (“Qon olish haqida risola”), “Risola fi-lhindabo” (“Sachratqi haqida risola”) kabi risolalar ham bor. Ibn Sino oʻz davridagi ilmlar tasnifi masalasiga ham jiddiy eʼtibor bilan qaradi va bu soada “Aqsom al-ulum alaqliya” (“Aqliy ilmlar tasnifi”) nomli asar yozdi. Unda olim aqliy ilmlarni hikmat falsafa ilmlari deb olib, ularni nazariy va amaliy qismlarga boʻldi. Nazariy ilmlar haqiqatni bilishga, amaliy ilmlar yaxshi ishlarni bajarishga qaratilgan.

Yevropada allomaning asarlari XII asrdan boshlab lotin tiliga tarjima qilinib, universitetlarda oʻqitila boshlandi. Ibn Sino ilmiy merosini oʻrganish ishlari yangi davrga kelib jadal tus oldi va natijada chet el hamda Oʻzbekistonda maxsus ilmiy yoʻnalish sinoshunoslik vujudga keldi. “Tib qonunlari”ning lotincha tarjimasi toʻliq holda 40-marta nashr etildi. Uning ayrim qismlari nemis, ingliz va fransuz tillariga tarjima qilindi, olimning falsafiy va boshqa sohalarga oid asarlari ham jahonning bir necha tillarida nashr etildi, uning ijodiga oid qator yirik tadqiqotlar yaratildi. Jahonning turli kutubxonalarida Ibn Sino asarlarining qoʻlyozmalari saqlanadi, shu jumladan, Oʻzbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ham alloma qalamiga mansub 50 asarning 60 ta qoʻlyozmasi mavjud.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish